avatar
Куч
0.00
Рейтинг
0.00

Мақолалар

“Mening bobom, buvim – mahallamiz faxri”

Поддержка акций ZiyoNET
Илм-фан
“Mening bobom, buvim – mahallamiz faxri”
Reja:
1. Keksalar maslahati – hikmatlar xazinasi.
2. Keksalarimiz – xonadonimiz fayzu farishtalari.
3. 2015-yil- “Keksalarni e’zozlash yili”
4. Mening bobom, buvim – mahallamiz faxri.

Qarilar so’ziga quloq solmasang,
Nadomat chekarsan, pushaymon bo’larsan.
(Almaiy)
Keksalarni qadrlash va e’zozlash xalqimizga xos fazilat. Ularning har bir so’zi, pandu nasihati va qimmatli maslahatlari hikmatlar xazinasidir. Keksalarning maslahatlariga amal qilib, o’ylab qilingan ishning oxiri xayrli bo’ladi. Biz bob ova buvilarimizning hikmatli so’zlaridan, axloq-odob to’g’risidagi qimmatli fikrlaridan saboq olishimiz lozim.
Kichikka ulug’lik, ulug’dan tegar,
Ulug’ga yetib ish kichik qut topar.
Ulug’lar so’zin tut, amal qil, yugur,
Ulug’ so’zin olgan tilakka yetar.
(Xo’jandiy)
Qayerda keksalar bo’lsa, ularga e’tibor bo’lsa, shu joyda fayz bor, baraka bor. Haqiqatdan ham, keksalari bor uyda tinchlik – xotirjamlik, dasturxonlarda fayzu baraka, qilinayotgan ishlarida rivoj bo’ladi. Shuning uchun ham keksalarimiz – xonadonlarimizning fayzu farishtalari hisoblanadi. Butun umri davomida o’zining yoshligini, kuch-quvvatini farzandlariga, nevaralariga bag’ishlagan bobojon va buvijonlarimiz oldida bir umr qarzdormiz.
Ota pandiga sen doim qilgil amal,
Yurarsan baxtiyor bo’lib har mahal.
Otangni, onangni sevintir tamom,
Bu xizmat yetkurgay tilakka mudom.
(Yusuf Xos Hojib)

2015-yil yurtboshimiz tomonidan “Keksalarni e’zozlash yili”deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi qabul qilindi. Davlat dasturidagi keksalarga g’amxo’rlik ko’rsatish, har bir keksaga har tomonlama e’tibor qaratish bo’yicha amalga oshiriladigan ishlar nafaqat keksa avlod vakillariga, balki biz yoshlarga ham cheksiz quvonch bag’ishladi. Bundan tashqari keksalarga alohida hurmat ko’rsatish, ularni e’zozlash Konstitutsiyamiz bilan ham mustahkamlab qo’yilgan. Bosh Qomusimizning 66-moddasida voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o’z ota-onalari haqida g’amxo’rlik qilishga majburligi belgilab qo’yilgan. Bunday g’amxo’rlik hech bir davlatning Konstitiutsiyasida uchramaydi.
Tutgil qarilarning qaltiroq qo’lin,
Qarigach bilursan qarilik yo’lin.
Bog’la keksalikka hurmat kamarin,
Qarigach bo’lursan chollar sarvari.
(N. Xusrav)
Mening bobom Xiddiyev Chori, buvim Soipova Xolmengli- oilamizning farishtalari hisoblanadi. Ular keksayib qolgan bo’lsalar-da, o’zlarining ezgu duolari, dono o’gitlari va boy tajribalari bilan mahallamizdagi har bir ishga bosh-qosh bo’lib kelishmoqda. Ular 4 farzandlari, 7 ta nevaralarining huzurini ko’rib, keksalik gashtini surmoqdalar. Mening bobojonim va buvijonim mahallamizning faxridirlar. Biz farzandlari va nevaralari xonadonimiz farishtalari bo’lmish bobojonimiz va buvijonimizga mehr-oqibat ko’rsatib, duolarini olamiz.Men bobojonim va buvijonimning bizning baxtimizga doimo sog’-salomat bo’lib, uzoq –umr ko’rib yurishlarini istayman.Men shunday bobojonim va buvijonim borligidan faxrlanaman. Zero, yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Xalqimizning qadimiy va shonli tarixini uzviy davom ettirishga, shu tarixning o’chmas sahifalarini, ajdodlarimizning buyuk me’rosini, qadriyat va urf-odatlarini yoshlarimizga yetkazish, hayotimizni tobora poklash va fayzu barakali qilishda, bir so’z bilan aytganda, bugun Yaratganning bizga bergan har bir kunini ma’noli va sermazmun o’tkazishda beqiyos hissa qo’shayotgan ota –bobolarimizga har tomonlama hurmat, e’zoz va ehtirom ko’rsatish barchamiz uchun ham qarz, ham farz”.
Keksalarni etsang azizu hurmat,
Seni ham keksaygach, etishar izzat.
(F.Attor)

Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi 25-umumiy o’rta ta’lim maktabining 8-sinf o’quvchisi Choriyeva Diloromning yozgan inshosi.